AloqaVentures Yangiliklar (Uzbek)

Vesting nima?

Vesting nima?

Vesting — bu kompaniyada ishlayotgan shaxsga berilgan aksiyalarning (kompaniya ulushining) muayyan vaqt mobaynida bosqichma-bosqich qonuniy egalik qilishini bildiradi.

🔎 Oddiy qilib aytganda, sizga 100% ulush va’da qilinadi, lekin siz bu ulushga birdaniga ega bo‘lmaysiz. U bosqichma-bosqich, vaqt o‘tishi bilan, siz kompaniyada qolganingiz sari sizga tegishli bo‘lib boradi.

Vesting modeli qanday ishlaydi?

Startaplardagi eng keng tarqalgan model — 4 yillik vesting + 1 yillik cliff:

1-yillik cliff — ya’ni siz kompaniyada 1 yil ishlamaguningizcha, hech qanday ulushga ega bo‘lmaysiz.

1 yil to‘liq ishlaganingizdan so‘ng, sizga biryo‘la 25% ulush beriladi.

Qolgan 75% esa keyingi 3 yil davomida har oy yoki har chorakda bo‘lib sizga o‘tib boradi.

4 yil to‘liq ishlaganingizda — ulushning 100% sizga tegishli bo‘ladi.

Nega bu muhim?

Kompaniya xavfsizligini ta’minlaydi

Agar founderlardan biri 1-2 oydan so‘ng ishdan chiqib ketsa, kompaniya undan ulushni qaytarib olishga ega bo‘ladi. Bu — kompaniya boshqaruvini himoya qiladi.

Jamoani sodiqlikka undaydi

Xodimlar yoki asoschilar uzoq muddat qolishga, birgalikda kompaniyani o‘stirishga qiziqadi. Chunki ular biladi: ular qancha ko‘p ishlasalar, shuncha ko‘p ulushga ega bo‘lishadi.

Investorlar uchun ishonch uyg‘otadi

Investorlar kompaniyada barqaror va sodiq jamoa borligiga ishonch hosil qiladi. Bu ularni investitsiya kiritishga undaydi.

Vesting — bu startap ekotizimining muhim mexanizmi bo‘lib, kompaniya jamoasi a’zolariga motivatsiya beradi, ulushlarni adolatli taqsimlaydi va kelajakdagi muammolarning oldini oladi.